07 Noy 2022

QASHQADARYODA «MEROS PHARM» MCHJ QARSHI FILIALI ULGURJI OMBORXONASI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Bugungi kunda respublikamiz boʻylab 8 mingga yaqin mijozga 6 ming turdagi dori-darmon vositalarini etkazib berish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan “Meros Pharm” MCHJ 100 dan ortiq xorijiy va 300 dan ortiq mahalliy hamkorlar bilan ish yuritib keladi.

Hozirga qadar mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyat Oʻzbekistonning 5 ta hududida filiallariga ega boʻlib, bugun Qarshi shahridagi “Qavali kichik sanoat zonasi”da “Meros Pharm”ning oltinchi – Qarshi filiali ulgurji omborxonasi ish boshladi.

Mazkur loyihaning tantanali ochilishida viloyat hokimi Murotjon Azimov, viloyat sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

“Meros Pharm” MCHJning Qarshi filiali ulgurji omborxonasi Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari uchun logistik markaz boʻlib, mazkur loyiha uchun 8 mlrd. soʻmdan ortiq investitsiya kiritildi. Ushbu loyiha ishga tushishi bilan bugungi kunda 40 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi va kelgusida bu koʻrsatgichni 100 taga etkazish rejalashtirilgan boʻlib, bu erda xodimlarning mehnat qilishlari uchun barcha qulayliklar, xususan oshxona, yotoqxona va yuvinish xonalari ham bunyod etilgan.