
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning «Tadbirkorlik subʼektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:
bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 %idan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subʼektiga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi;
eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solinadigan bazani kamaytirish koʻrinishidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qatʼi nazar qoʻllaniladi;
qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urugʻlari eksportiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni etakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha «Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi amalga oshiriladi.

