
Xitoy Xalq Respublikasi va Qashqadaryo viloyati oʻrtasida biznes-forum boʻlib oʻtdi. Forumni Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Muxtor elchisi Farxod Arziev va Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovlar ochib berdilar.

Forum doirasida Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar yoritildi. Qarshi shahrida tashkil etilgan “Erkin iqtisodiy zona” imkoniyatlari va yaratilgan qulayliklari aks etgan videorolik ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi. Ikkala davlat ishbilarmonlari oʻrtasida iqtisodiy va investitsion muhitni yoritib beruvchi qator taqdimotlar oʻtkazildi. Tadbir soʻngida Xitoy Xalq Respublikasining “LONGI SOLAR TECHNOLOGY CO., LTD.” korxonasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarining texnik va iqtisodiy samaradorligini oshirish hamda Qashqadaryo viloyatida quyosh energetikasi loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

