
Joriy yilning 19 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev Oʻzbekistonda elektromobillarni ommalashtirish boʻyicha ikkita qarorni imzoladi.
Unga koʻra, 2030 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar utilizatsiya yigʻimidan, ularning butlovchi qismlari, jihozlar, xomashyo materiallari va servis xizmat koʻrsatish uchun ehtiyot qismlari bojxona bojidan ozod etildi.
Investorlarga ishlab chiqarish jarayoni oʻzlashtirilgunga qadar (24 oygacha) yiliga 10 ming donadan (ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizidan) koʻp boʻlmagan elektromobillarni mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi toʻlamasdan olib kirishga ruxsat berildi.
🔹2023 yil 1 yanvarga qadar mis klasterlarida elektromobillar va quvvatlantirish stantsiyalari uchun butlovchi qismlar, shuningdek quvvatlantirish stantsiyalarining zamonaviy turlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi.
2023 yil 1 dekabrga qadar avtomobillarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 dona (4 ta kanalli) 60 kVt quvvatli quvvatlash stantsiyalari tashkil etiladi.
Quvvatlash stantsiyalarining sonini 2024 yil yakuniga qadar 2 500 taga etkazish (hozirda 70 taga yaqin) boʻyicha xukumat dasturi tasdiqlanadi. Unga koʻra:
- 2023 yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstantsiyalarga tutash hududlardan 1 400 ta quvvatlash stantsiyasini oʻrnatish uchun erlar auktsionga chiqariladi;
- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlash stantsiyasini quradi;
- 2023-2024 yillarda kamida 500 ta quvvatlash stantsiyasini joylashtirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning boʻsh hududlari “K-savdo” tizimi orqali auktsionga chiqariladi.
2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:
- quvvatlash stantsiyalari va ular oʻrnatilgan avtomobil toʻxtash joylari joylashgan er uchastkalari er soligʻidan, shuningdek, quvvatlash stantsiyalari mol-mulk soligʻidan;
- asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlash xizmatini koʻrsatish boʻlgan tadbirkorlar foyda soligʻidan hamda transport vositalarini quvvatlash xizmatini koʻrsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;
- import qilinadigan quvvatlash stantsiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi.

