
IHT Turizm vazirlarining IV yigʻilishi yakuniga koʻra, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri tashkilotining 2024 yildagi turizm poytaxti etib tasdiqlandi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri 2024 yil Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deya eʼlon qilindi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi axborot xizmati Oʻzbekiston raisligida onlayn formatda oʻtgan IHT Turizm vazirlarining IV yigʻilishi yakuniga koʻra maʼlum qildi.

Mazkur qarorning qabul qilinishida, Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosi, Ipak yoʻlida turizmning rivojlanishidagi oʻrni va sohani barqaror rivojlantirish salohiyati inobatga olindi. Oʻz navbatida, Shahrisabzning ushbu maqomni olishini keng miqyosda nishonlash koʻzda tutilgan. Qolaversa, shaharda va butun Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yoʻnalishlarda salohiyatni yuksaltirish, hududning nomoddiy merosini keng ochib beruvchi madaniy tadbirlar, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish boʻyicha alohida dastur amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

