
Italiyaning ayollar va erkaklar ichki kiyimlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalaridan biri – «Cotonella», Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida oʻz fabrikasini ochishga qaror qildi.
Korxona ishga tushirilgach, birinchi bosqichda yiliga 2 million donagacha tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, 80 nafargacha kishini doimiy ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kompaniya yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yiliga 8 million donaga etkazish uchun 5 million dollar ajratishni moʻljallamoqda. Buning natijasida 500 tagacha yangi doimiy ish oʻrni yaratiladi.
«Cotonella» – 1972 yilda tashkil etilgan tikuvchilik fabrikasi. Hozir u ayollar, erkaklar va bolalar trikotaj ichki kiyimlarining etakchi brendlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya yiliga 20 milliondan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi, ular Evropaning 24 davlatida sotiladi.

