08 Iyul 2022

DORIVOR OʻSIMLIKLAR ETISHTIRUVCHILARGA 120 MLN. SOʻMGACHA SUBSIDIYA BERILADI HAMDA AYRIM SOLIQ STAVKALARI 50 % GA KAMAYTIRILADI

Yaratilayotgan har 10 gk er maydonidagi dorivor oʻsimliklarning madaniy plantatsiyalarini sugʻorish ishlari uchun har bir metr uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 mln. soʻmdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyundan boshlab fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot etishtiruvchilarga – dorivor oʻsimliklarni etishtirish uchun yillik 14 % (shundan 2 %i bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi.

Dorivor oʻsimliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – etishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun yillik 14 % (shundan 2 %i bank marjasi) stavkada 12 oylik “revolver” kreditlar ajratiladi.

Belgilanishicha, 2025 yil 1 yanvarga qadar dorivor oʻsimliklarni etishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 80 %ini tashkil etadigan tadbirkorlik subʼektlaridan olinadigan er soligʻi, foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkalari 50 % ga kamaytiriladi.

Dorivor oʻsimliklar xomashyosidan biologik faol qoʻshimchalar, essentsiyalar va ekstraktlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan bir qator asbob-uskunalar va biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, qadoqlash materiallari belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.