
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi va viloyatdagi yuridik texnikumlar hamkorligida “Investitsiya faoliyatining xalqaro huquqiy kafolatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya boʻlib oʻtdi.
Tadbirda xorijiy ekspertlar, etakchi olimlar, mahalliy huquqshunoslar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, mustaqil izlanuvchilar, OTMlar va viloyatlardagi yuridik texnikum oʻquvchi hamda oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning investitsiya sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari, uning huquqiy asoslari ilmiy-amaliy jihatdan muhokama etildi. Xususan, tadbir davomida Toshkent davlat yuridik universiteti biznes huquqi kafedrasining katta oʻqituvchisi Askar Jumanov, xalqaro xususiy huquq kafedrasi oʻqituvchisi – xalqaro ekspert Allah Rakha Naem, xorijiy ekspert – Samet Tatar hamda Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Jahongir Zohidov va boshqalar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferentsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi yuridik texnikum oʻquvchilari Xalqaro doirada investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlar tasnifi va mohiyati bilan tanishtirildi. Shuningdek, investitsiya sohasida rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikning huquqiy asoslari va kafolatlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etishning huquqiy asoslari, mahalliy investorlar va chet-el investorlari faoliyatini mamlakatimizda yanada rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilish, muammo-echimlarini aniqlash masalalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

