01 Fev 2023

AVSTRIYANING «LASSERBERGER GROUP» KOMPANIYASI VA QASHQADARYO VILOYATI OʻRTASIDA HAMKORLIK ALOQALARI OʻRNATILMOQDA

Kuni kecha, 31 yanvar kuni viloyat hokimi Murotjon Azimov hamda Avstriyaning «LASSERBERGER Group» kompaniyasi taʼsischisi Josef Lasserberger bilan hamkorlik yuzasidan muzokara boʻlib oʻtdi.

Muzokara davomida investorga Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha imkoniyatlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Muzokara soʻngida, Kitob tumanida toshni qayta ishlab, undan boʻyoq, qurilish qorishmalari va 200 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 35 mln. dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi hamda tomonlar Anglashuv Memorandumini imzoladilar.

Maʼlumot oʻrnida, «LASSERBERGER Group» kompaniyasi 3 yoʻnalishda: mineral xom ashyolar, sopol va qurilish materiallari ishlab chiqaradi. Jahonning 20 dan ortiq davlatlarida (Osiyo davlatlari, Xitoy, Markaziy va Sharqiy Evropa, Rossiya, Qozogʻiston) 80 dan ziyod zavodlari mavjud.