27 Iyul 2023

KOSON SANOAT ZONASIDA 50 MILLION DOLLARLIK LOYIHA AMALGA OSHIRILMOQDA

Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Koson sanoat zonasida Prezidentimizning 465-sonli (30.12.2022) Farmoni asosida loyihalar amalga oshirilishi ishlari olib borilmoqda.

“Bunyodkor” MCHJ tomonidan 21 ga maydonda 3 ta yirik loyiha ishga tushirilishi natijasida, mingdan ortiq ish oʻrni yaratish va eksport hajmini 30 million dollarga oshirish rejalashtirilgan.

Qiymati 50 million dollarlik toʻqimachilik loyihasi yiliga 5200 tonna mato ishlab chiqarish tsexini kengaytirishdan boʻyash, pardozlash, shuningdek, tayyor trikotaj buyumlarini tikish uchun ishlab chiqarishni kengaytirishgacha boʻlgan bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu loyiha uchun Germaniya, Italiya, Turkiya va Tayvandan 14,4 mln. evro miqdorida zamonaviy uskunalar sotib olish boʻyicha shartnomalar imzolandi.

Toʻqimachilik loyihasidan tashqari yana ikkita loyiha amalga oshiriladi. Ulardan biri qiymati 2,9 mln. dollarlik 5 ming tonna hajmida paxta chigitini qayta ishlash, va ikkinchisi 3 mln. lik loyiha – sintetik paxta yogʻi ishlab chiqarishdir.

Bundan tashqari, 2023-2024 yillarga moʻljallangan ikki bosqichli, umumiy qiymati 56 mln. dollarga teng boʻlgan “Gazlama ishlab chiqarish, boʻyash, pardozlash va tayyor trikotaj buyumlarini ishlab chiqarish” loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek,istikbolli loyixa sifatida suvni tozalash inshoati ham barpo etilishi kutilmoqda.