14 Fev 2022

O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Pokiston Islom Respublikasi tijorat vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Solih Faruqiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi yuzasidan kelishishni jadallashtirish tadbirlari muhokama qilindi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida (15-16 iyul 2021 yil) imzolangan Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim shartlarini amalda joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.

“Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Pokiston ishbilarmon delegatsiyalarining sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan munosabatlarning barcha sohalarida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Pokiston delegatsiyasining tashrifi davomida, shuningdek, O‘zbekiston Transport vazirligi, Markaziy Bank, Davlat bojxona qo‘mitasi, boshqa vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbariyati bilan qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.